2023-yilda “O‘zaeronavigasiya” Markazi DUK tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlari va o‘ta yengil uchadigan apparatlarning parvozlarini rejalashtirish va monitoring qilishning “ATM: Safe Sky” deb nomlangan yangi tizimi joriy etildi. Aeronavigatsiya xizmati provayderi mutaxassislari tomonidan to‘liq Oʻzbekistonda yaratilgan ushbu innovatsion ishlanma havo hududidan xavfsizlik va samarali foydalanishni taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
“ATM: Safe Sky” tizimining asosiy maqsadi parvozlarni rejalashtirish va O‘zbekiston Respublikasi havo hududida uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) harakati ustidan nazoratni ta’minlashdan iborat. Bu tijoriy va davlat maqsadlarida foydalanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlari soni ortib borayotgan bir sharoitda toʻqnashuvlarning oldini olish va parvozlar xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tizimining dasturiy ta’minoti shaxsiy kompyuterlarga o‘rnatilishi mumkin, shuningdek, iOS va Android qurilmalari uchun mobil versiyalari mavjud. Bu vakolatli foydalanuvchilarga, jumladan, havo hududi organlari va boshqa manfaatdor shaxslarga rejalashtirilgan parvozlar haqida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkonini beradi va ariza beruvchining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʼzaro hamkorligini soddalashtirish maqsadida QR-kod berish funktsiyasiga ega.
Ushbu tizim O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib, O‘zbekistonning innovatsion texnologiyalar va havo hududini boshqarish sohasidagi yetakchi mavqeini ta’kidlaydi. Kelgusi rejalar UUA pozitsiyasini kuzatish va mobil ilova orqali arizalarni yuborish imkoniyati kabi qo‘shimcha funktsiyalarni o‘z ichiga oladi, bu tizimning samaradorligi va foydalanuvchilar uchun qulayligini yanada oshiradi.
“ATM: Safe Sky” tizimining ishlab chiqilishi va joriy etilishi O‘zbekiston uchun muhim yutuq bo‘lib, mamlakatning zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida havo makonini boshqarish tizimlarini takomillashtirish istagini tasdiqlaydi. Ushbu tizim nafaqat parvozlar xavfsizligi va havo hududini boshqarishga hissa qo‘shadi, balki O‘zbekistonning aviatsiya sanoati va texnologiya sohasini rivojlantirish uchun ham yangi istiqbollarni ochib beradi.