16–18-mart kunlari Parijda aviatsiya xavfsizligini rejalashtirish bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi hamda parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimining (PXBT) yetukligini baholashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) byurosining maydonida tashkil etilib, dunyoning 50 dan ortiq mamlakat ekspertlarini bir joyga to‘pladi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — tajriba almashish, dolzarb yondashuvlarni muhokama qilish hamda parvozlar xavfsizligini boshqarishning milliy tizimlarini yanada rivojlantirish uchun samarali vositalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilarning diqqat markazida PXBT yetukligini baholash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va fuqaro aviatsiyasida xatarlarni kamaytirishga tizimli yondashuvni mustahkamlash masalalari turibdi.
“O‘zaeronavigatsiya” Markazi vakillari ham yig‘ilishda faol ishtirok etib, O‘zbekistonning parvozlar xavfsizligi milliy tizimini xalqaro talablar va ICAO ilg‘or tajribasiga muvofiq izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlashdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchi davlatlarning milliy hisobotlari taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ham Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti talablariga muvofiq parvozlar xavfsizligi bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Bu yo‘nalish mamlakat aviatsiya sohasining xavfsizlik darajasi, samaradorligi va barqarorligini yanada oshirish bo‘yicha olib borilayotgan kompleks ishlarning muhim qismidir
Bu borada davlat darajasida parvozlar xavfsizligini boshqarish tizimining asosiy tamoyillarini belgilovchi ICAOning 19-ilovasi alohida ahamiyat kasb etadi. Hujjatda belgilangan standartlar va tartib-qoidalar xavflarni tizimli aniqlash, xatarlarni baholash va oldini olish choralarini ko‘rishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu parvozlar xavfsizligining yuqori darajasini ta’minlashga yordam beradi.
