2024-yil 19-martda O‘zbekiston aeronavigatsiyasi sohasida sezilarli o‘zgarishlarga olib keladigan muhim ahamiyatdagi voqelik yuz bergan bo‘lib, uning natijasida aeronavigatsiya amaliyoti jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish, shuningdek, mamlakatimiz samoviy kengligida aeronavigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratildi.
“O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUK delegatsiyasining Jeneva (Shveytsariya) shahrida o‘tkazilgan “Airspace World 2024” havo harakatini tashkil etish bo‘yicha global ko‘rgazmaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston aeronavigatsiya xizmatlari provayderi hamda “SITA” kompaniyasi o‘rtasida HHB ATning Toshkent va Samarqand markazlari uchun xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar imzolandi. To‘liq nomi “Société Internationale de Télécommunications Aéronautiques” kompaniyasidan iborat bo‘lgan “SITA” kompaniyasi Shveytsariyaning ko‘p millatli, yetakchi axborot tashkiloti hisoblanib, global aviatsiya sohasida telekommunikatsiya hamda IT xizmatlarini taqdim etadi.
Yuqorida qayd etilgan shartnomalarni amalga oshirish CPDLC (Controller Pilot Data Link Communications) va DCL (Digital ATC Clearance) kabi ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatini beradi, bu esa o‘z navbatida aviadispetcher hamda uchuvchi o‘rtasida raqamlashtirilgan nutqsiz aloqani amalga oshirib, samaradorlik hamda xavfsizlik darajalarini sezilarli ravishda kengaytirish hamda aviadispetcherlar ish hajmining kamaytirilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ustunliklar bilan birgalikda mazkur shartnomalarni amalga oshirish doirasida aeroport bo‘yicha meteorologik va aeronavigatsiya ma’lumotlarini (D-ATIS) raqamli aloqa tarmog‘i orqali bevosita havo kemasiga yetkazib berishning modernizatsiya qilingan texnologiyasini joriy etish nazarda tutiladi.
Mazkur shartnomalarning imzolanishi havo harakatini tashkil etish va unga xizmat ko‘rsatish amaliyoti jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishida “O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUK rivojlanish strategiyasining ustuvor bosqichlaridan birini amalga oshirish sifatida tavsiflanadi.
